
Digital Uzbekistan – Web Summit: Yevropa bozoriga chiqmoqchi bo‘lgan startaplar uchun Open Call
Startapingiz bilan Yevropa bozoriga chiqish, yangi mijozlar, hamkorlar va investorlar topishni rejalashtiryapsizmi?
IT Park Uzbekistan 11-noyabr kuni Lissabonda Digital Uzbekistan – Web Summit tadbirini o‘tkazadi va unda ishtirok etish uchun O‘zbekiston startaplari orasida Open Call e’lon qiladi. U orqali 5 tagacha startap tanlab olinadi.
Tanlangan startaplar qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?
- o‘z mahsulotini Yevropadagi potensial mijozlarga taqdim etish;
- investorlar, VC fondlar va angel investorlar bilan aloqalar o‘rnatish;
- IT-distributorlar, resellerlar, system integratorlar, MSP, akseleratorlar, innovation hub’lar va boshqa potensial hamkorlar bilan uchrashish;
- Yevropa bozorida GTM, savdo va hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish;
- dunyodagi eng yirik texnologik tadbirlardan biri — Web Summit 2026da ishtirok etish.
IT Park Uzbekistan tadbirni to‘liq tashkil etadi, shuningdek, tanlangan startaplarning mahsulotlariga mos B2B auditoriyani jalb qilish uchun target reklama va kommunikatsion qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiradi.
Kimlar uchun?
Open Call Yevropa bozoriga chiqishni rejalashtirayotgan yoki ushbu bozorda allaqachon faoliyat yuritib, biznesini kengaytirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston startaplari uchun ochiq.
Nomzodlarda:
- ishlaydigan mahsulot yoki MVP va ingliz tilidagi veb-sayt;
- sotuvlar yoki mijozlar bilan kamida pilot loyihalar;
- ingliz tilida erkin muloqot qila oladigan founder yoki co-founder bo‘lishi kerak.