
Tbilisida $7700 mukofot jamg‘armasiga ega xalqaro fintech-hakaton bo‘lib o‘tadi
Gruziyaning Tbilisi shahrida Fintech Hackathon 2026 xalqaro hakatoni bo‘lib o‘tadi
Gruziyaning Tbilisi shahrida Fintech Hackathon 2026 xalqaro hakatoni bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirokchilar moliya sektoridagi real muammolarga texnologik yechimlar ishlab chiqadi. G‘olib jamoa 20 ming Gruziya larisi (taxminan $7700) miqdoridagi mukofotga ega bo‘ladi hamda Singapore FinTech Festival 2026 xalqaro tadbirida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Hakaton Gruziya Innovatsiyalar va texnologiyalar agentligi (GITA), Tech Park Tbilisi, Gruziya Milliy banki, Global Finance & Technology Network (GFTN) va Tbilisi School of Communication hamkorligida tashkil etilmoqda. Dastur xalqaro jamoalar, jumladan, xorijiy startaplar va texnologik mutaxassislar uchun ham ochiq.
Fintech Hackathon 2026 ishtirokchilarga moliya sohasi vakillari va regulyatorlar tomonidan taqdim etilgan amaliy muammolar ustida ishlash imkonini beradi. Jamoalar o‘z yechimlarini ishlab chiqishdan avval soha ekspertlari ishtirokidagi o‘quv mashg‘ulotlari va mentorlik sessiyalarida qatnashadi.
Hakaton doirasida kredit risklarini baholash va kreditlash (Credit Risk & Lending), firibgarlikni aniqlash va pul yuvishga qarshi kurashish (Fraud Detection & AML), operatsion samaradorlik, algoritmik savdo va investitsiya portfelini optimallashtirish, shuningdek, Open Banking tizimlarining o‘zaro integratsiyasi va sifatini tekshirish yo‘nalishlarida loyihalar ishlab chiqiladi.
Dastur 15-oktabr kuni Tech Park Tbilisi’da ochilish marosimi bilan boshlanadi. Ishtirokchilar bir haftalik onlayn mentorlik bosqichidan so‘ng Tbilisidagi oflayn sessiyalarda qatnashadi. Yakuniy Demo Day 28-oktabr kuni Tbilisi Finance Summit 2026 doirasida o‘tkaziladi.
Demo Day davomida eng yaxshi jamoalar o‘z loyihalarini investorlar, biznes vakillari, soha ekspertlari va hamkorlarga taqdim etadi. G‘olib jamoa shu kuni aniqlanadi va mukofotlanadi. Tanlangan jamoalarning aviachipta va turar joy xarajatlari tashkilotchilar tomonidan qoplanadi.
Ishtirok etish shartlari
Hakatonda 18 yoshdan katta ishtirokchilardan iborat 2–5 kishilik jamoalar qatnashishi mumkin. Tanlov asosida jami 20 tagacha jamoa saralab olinadi. Dastur ingliz tilida olib boriladi va Tbilisidagi oflayn bosqichda shaxsan ishtirok etish majburiy hisoblanadi.
Ariza topshirishda har bir jamoa a’zosi ro‘yxatdan o‘tish shaklini alohida to‘ldirishi va bir xil jamoa nomini ko‘rsatishi kerak.
Muhim sanalar:
- 10-oktabr — arizalar qabuli yakunlanadi;
- 15-oktabr — Tbilisida hakatonning ochilish marosimi;
- 28-oktabr — Tbilisi Finance Summit doirasida Demo Day va g‘oliblarni taqdirlash.
Arizalar 10-oktabrgacha qabul qilinadi.