
O‘zbekiston startaplari uchun Shanxay, Shenchjen va Gongkongdagi xalqaro akseleratsiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda
IT Park Uzbekistan, Astana Hub va Khan Tengri Innovation Hub hamkorligida O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplari uchun Industrial AI & Smart Industry Accelerator xalqaro akseleratsiya dasturiga arizalar qabuli davom etmoqda
IT Park Uzbekistan, Astana Hub va Khan Tengri Innovation Hub hamkorligida O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplari uchun Industrial AI & Smart Industry Accelerator xalqaro akseleratsiya dasturiga arizalar qabuli davom etmoqda. Dastur sanoat sun’iy intellekti (Industrial AI), ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va aqlli sanoat (Smart Industry) yo‘nalishlarida texnologik yechimlar ishlab chiqayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning Xitoy bozoriga chiqishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
8 haftalik dastur ikki bosqichdan iborat: dastlabki 3 hafta onlayn tayyorgarlik, keyingi 5 hafta esa Shanxay, Shenchjen va Gongkong shaharlarida oflayn shaklda o‘tkaziladi. Ishtirokchilar Xitoyning texnologik va ishlab chiqarish ekotizimi bilan yaqindan tanishish, mahsulotlarini rivojlantirish hamda mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dastur ishtirokchilariga qanday imkoniyatlar taqdim etiladi?
Akseleratsiya doirasida 20 dan ortiq trening va amaliy vorkshoplar, mentorlik sessiyalari, potensial mijozlar va biznes hamkorlar bilan B2B uchrashuvlar tashkil etiladi.
Ishtirokchilar Xitoydagi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, prototiplash markazlari va ta’minot zanjirlari bilan tanishadi. Xususan, elektron komponentlar ishlab chiqaruvchi kamida 5 ta zavodga tashrif rejalashtirilgan. Bu startaplarga o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarish va takomillashtirish uchun zarur hamkorlarni topish imkonini beradi.
Shuningdek, dastur davomida startaplar yirik korporativ buyurtmachilar va potensial B2B mijozlar bilan bevosita uchrashadi. Ular mintaqadagi yetakchi kompaniyalar bilan Proof of Concept (POC) loyihalarini, ya’ni texnologik yechimlarning amaliy samaradorligini sinovdan o‘tkazishga qaratilgan hamkorliklarni boshlash imkoniyatlarini o‘rganadi.
Dastur investorlar va sanoat yetakchilari bilan individual uchrashuvlarni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar China Hi-Tech Fair 2026 xalqaro texnologiyalar ko‘rgazmasida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Dastur O‘zbekiston va Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan, sanoat sun’iy intellekti va aqlli ishlab chiqarish yo‘nalishlarida dasturiy hamda apparat yechimlarini ishlab chiqayotgan startaplar uchun mo‘ljallangan.
Quyidagi yo‘nalishlardagi loyihalar ariza topshirishi mumkin:
- AI + Hardware — sun’iy intellekt va apparat texnologiyalarini birlashtirgan yechimlar;
- Computer Vision — kompyuter texnologiyalari;
- Industrial Automation — sanoat jarayonlarini avtomatlashtirish;
- IoT and Sensors — buyumlar interneti va sensor texnologiyalari;
- Predictive Analytics — prognozli tahlil yechimlari.
Ishtirok etish uchun startap SAFE (Simple Agreement for Future Equity) kelishuvini tuzish talablariga javob beradigan yuridik shaxsga ega bo‘lishi kerak.
Ishtirok etish shartlari
Dasturning 5 haftalik oflayn bosqichida ishtirokchilar uchun turar joy va ish maydoni bepul taqdim etiladi. Aviachipta va ovqatlanish xarajatlari esa ishtirokchilar tomonidan mustaqil qoplanadi. Dastur ingliz tilida olib boriladi.
Industrial AI & Smart Industry Accelerator O‘zbekiston startaplariga xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga ulanish, texnologik mahsulotlarini rivojlantirish, korporativ mijozlar bilan hamkorlik o‘rnatish va Xitoy bozoriga chiqish uchun amaliy imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Ariza topshirish muddati: 26-oktabr, 2026-yil.
Ariza topshirish: https://scaleup.khantengrihub.com/apply