
Xorazmda "Ideathon 2026" o‘tkaziladi
-
27-oktabr kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida yoshlar, talabalar va startapga qiziquvchilar uchun “Ideathon 2026” tanlovi bo‘lib o‘tadi. Tadbir ishtirokchilarning innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish, dolzarb muammolarga amaliy yechimlar topish va ularni istiqbolli startap loyihalariga aylantirishga qaratilgan.
“Ideathon 2026” — qisqa vaqt ichida yangi g‘oyalarni ishlab chiqish, ularni jamoaviy shaklda rivojlantirish va taqdim etish imkonini beruvchi tanlov. Unda ishtirokchilar 3–5 kishilik jamoalar tarkibida ishlaydi.
Tanlov davomida jamoalar tajribali mentorlar ko‘magida o‘z g‘oyalarini shakllantirish, biznes modelini ishlab chiqish va loyihalarini taqdimotga tayyorlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
G‘oyadan startap loyihasigacha
Tadbir ishtirokchilarga nafaqat innovatsion g‘oyalarni ilgari surish, balki ularni biznes nuqtayi nazaridan rivojlantirish imkonini ham beradi.
Mentorlar bilan ishlash jarayonida jamoalar muammoni aniqlash, unga mos yechim taklif etish, biznes modelini shakllantirish va o‘z loyihasini samarali taqdim etish — pitch tayyorlash bosqichlaridan o‘tadi.
“Ideathon 2026” yoshlarning innovatsion fikrlashini rivojlantirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash va startap tadbirkorligiga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir haqida ma’lumot
- Sana: 2026-yil 27-oktabr
- Boshlanish vaqti: 10:00
- Manzil: IT Park Xorazm filiali, Urganch shahri
- Ishtirok etish formati: 3–5 kishilik jamoalar
- Ishtirokchilar: yoshlar, talabalar va startapga qiziquvchilar
“Ideathon 2026” Xorazm viloyatida yangi g‘oyalar va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni texnologik tadbirkorlikka jalb etish hamda hududiy startap ekotizimini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi tashabbusdir.