Digital Uzbekistan – Japan: O‘zbekiston startaplari uchun Yaponiyada xalqaro hamkorlik imkoniyatlari
IT Park Uzbekistan 2026-yil 11-dekabr kuni Yaponiyaning Tokio shahrida "Raqamli O‘zbekiston - Yaponiya" tadbirini tashkil etadi.
IT Park Uzbekistan 2026-yil 11-dekabr kuni Yaponiyaning Tokio shahrida Digital Uzbekistan – Japan tadbirini tashkil etadi. Tadbirda ishtirok etish uchun O‘zbekiston startaplari o‘rtasida Open Call e’lon qilindi.
Digital Uzbekistan – Japan O‘zbekistonning texnologik salohiyatini xalqaro auditoriyaga namoyish etish, mahalliy startaplarning Yaponiya bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash hamda yapon kompaniyalari, investorlar va texnologik hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga qaratilgan.
Tadbir doirasida O‘zbekiston startaplari o‘z mahsulot va yechimlarini Yaponiyaning B2B auditoriyasiga taqdim etish, potensial mijozlar bilan uchrashish hamda yangi bozorda faoliyat yuritish imkoniyatlarini o‘rganishi mumkin.
Ishtirokchilar uchun imkoniyatlar
Digital Uzbekistan – Japan doirasida tanlangan startaplar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:
- Potensial mijozlar bilan uchrashuvlar. Yaponiya korporatsiyalari va B2B/SaaS yechimlariga qiziqish bildirayotgan kompaniyalarga o‘z mahsulotlarini taqdim etish.
- Mahalliy biznes hamkorlarni topish. IT-distribyutorlar, tizim integratorlari, resellerlar, boshqariladigan IT-xizmatlar provayderlari (MSP), akseleratorlar va innovatsiya markazlari bilan aloqa o‘rnatish.
- Yaponiya bozoriga chiqish. Mahalliy hamkorlar bilan mahsulotlarni bozor talablariga moslashtirish, go-to-market (GTM) strategiyalarini ishlab chiqish va sotuv kanallarini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish.
- Investorlar bilan netvorking. Yaponiya va xalqaro venchur fondlari, korporativ venchur kapitali (CVC) vakillari hamda biznes farishtalar bilan uchrashish.
- Xalqaro texnologik hamjamiyat bilan tanishish. Yaponiyada tashkil etiladigan yirik texnologiya tadbirida ishtirok etish imkoniyati.
Tadbirning oflayn dasturi va Demo Day doirasida startaplar uchun ularning mahsulotlariga mos potensial mijozlar, hamkorlar va investorlar bilan professional aloqalar o‘rnatishga alohida e’tibor qaratiladi.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Tanlov Yaponiya bozoriga kirishni rejalashtirayotgan yoki ushbu mamlakatda mavjud faoliyatini kengaytirishni istayotgan O‘zbekiston startaplari uchun ochiq.
Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- Ishlaydigan mahsulot yoki minimal hayotiy mahsulot (MVP) hamda ingliz tilidagi veb-saytga ega bo‘lish;
- dastlabki sotuvlarga yoki mijozlar bilan amalga oshirilayotgan pilot loyihalarga ega bo‘lish;
- startap asoschisi yoki hammuassisi ingliz tilida erkin muloqot qila olishi.
Sana: 11-dekabr
Manzil: Tokio, Yaponiya
Dedlayn: 5-noyabr
Digital Uzbekistan – Japan O‘zbekiston startaplarining xalqaro bozorlardagi ishtirokini kengaytirish, Yaponiya biznes ekotizimi bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va yangi investitsiya hamda tijoriy imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.