
Samarqand viloyatida istiqbolli startaplar uchun o'z innovatsion yechimlarini viloyat hokimi Adiz Boboyevga taqdim etish imkoniyati yaratildi.
Yoshlar kreativ bog'ida bo'lib o'tgan uchrashuvda viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan 30 nafar startap asoschisi, innovator va tashabbuskor yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt, qishloq xo'jaligi, yashil iqtisodiyot, ta'lim hamda ijtimoiy innovatsiyalar yo'nalishlaridagi loyihalarini namoyish etdilar.
Har bir startap taqdimotidan so'ng loyihalarni yanada rivojlantirish, tijoratlashtirish, investitsiyalarni jalb etish va bozorga olib chiqish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, mentorlik dasturlari, investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda innovatsion yechimlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida startap asoschilari o'z taklif va tashabbuslari bilan o'rtoqlashdi. Mazkur muloqot Samarqand viloyatida innovatsion ekotizimni rivojlantirish, yosh tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash va istiqbolli startaplarning o'sishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qildi.