
Ayolning salomatligi bilan bog‘liq savoli paydo bo‘lganda, tushunarli va ishonchli javob topish har doim ham oson emas. Google, Instagram, Telegram, shifokorlar, tanishlarning maslahatlari — ma’lumot ko‘p, ammo uni bir joydan, ishonchli va tushunarli shaklda topish qiyin. Femmy aynan shu muammodan kelib chiqqan.
Bugungi kunda healthtech-platformadan 100 000 dan ortiq qizlar va ayollar foydalanadi. Startap esa oddiy sikl trekeridan AI va telemeditsinani birlashtirgan to‘liq platformaga aylanib bormoqda. 2025-yilda startap President Tech Award tanlovining “Ijtimoiy texnologiyalar” yo‘nalishida 1-o‘rinni egallab, $100 ming mukofot qo‘lga kiritdi.
Maftuna Karimova, Femmy asoschisi
«Biz ayollar salomatligi uchun kerak bo‘lgan barcha narsani bir joyga jamlamoqchi edik»
Femmy’ni ishga tushirishdan oldin men mahsulot yaratish, marketing, biznes va texnologiyalar kesishgan yo‘nalishlarda ishlaganman. Sharda University’da Business Administration and Management yo‘nalishida tahsil olganman, shuningdek, universitetda Google Developer Student Clubs lideri bo‘lganman.
Vaqt o‘tishi bilan meni bir savol tobora ko‘proq qiziqtira boshladi: texnologiyalar yordamida odamlarning kundalik hayotidagi real muammolarni qanday hal qilish mumkin?
Ayollar salomatligi katta, ammo yetarlicha e’tibor qaratilmagan sohalardan biri ekanini ko‘rdik. Ayolda reproduktiv salomatlik bilan bog‘liq savol paydo bo‘lganda, javob izlash uchun ko‘pincha bir nechta manbaga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Femmy aynan shu jarayonni bitta platformaga jamlash g‘oyasidan paydo bo‘lgan.
Maqsadimiz — ayollarga o‘z tanasini yaxshiroq tushunish, salomatligini kuzatish, tushunarli ma’lumot olish va zarur bo‘lsa, professional yordamga murojaat qilish imkonini berish.
«Dastlab bizga katta platforma kerak emas edi — eng muhimi, real ehtiyojni tushunish edi»
Femmy boshidanoq murakkab healthtech-ekotizim sifatida yaratilmagan.
Dastlab ayollarning kundalik ehtiyojlarini tushunish va eng muhim funksiyani aniqlashga e’tibor qaratdik.
Birinchi mahsulotimiz hayz siklini kuzatish va organizmdagi o‘zgarishlarni yaxshiroq tushunishga yordam beradigan ilova bo‘ldi.
Auditoriyamiz o‘sishi bilan yangi ehtiyojlar ham paydo bo‘la boshladi. Asta-sekin Femmy’ga salomatlik haqidagi materiallar, homiladorlik va onalik davri uchun funksiyalar, AI vositalari hamda telemeditsina yo‘nalishi qo‘shildi.
Bu jarayon menga bir muhim narsani ko‘rsatdi: startapda vazifa boshidanoq mukammal mahsulot yaratish emas. Eng muhimi — foydalanuvchiga aslida nima kerakligini tushunish.
«Bugun Femmy’dan 100 mingdan ortiq qizlar va ayollar foydalanadi»
Hozirda Femmy’ning 100 000 dan ortiq foydalanuvchisi bor.
Ammo biz uchun foydalanuvchilar sonining o‘zi yakuniy maqsad emas. Keyingi vazifamiz mavjud auditoriyaga yanada ko‘proq qiymat berish va shu bilan birga mahsulotning biznes modelini kuchaytirish. Shu sababli hozir AI va telemeditsinaga alohida e’tibor qaratyapmiz.
AI yordamida foydalanuvchiga shunchaki salomatlik haqida umumiy ma’lumot berish emas, balki uning shaxsiy ma’lumotlari va holatini yaxshiroq tushunishga yordam berishni xohlaymiz.
Telemeditsina esa raqamli mahsulotni real tibbiy yordam bilan bog‘lashi kerak. Buning uchun klinikalar bilan hamkorliklarni rivojlantiryapmiz. Zarur holatlarda foydalanuvchi platformadagi ma’lumotlardan bevosita professional shifokor konsultatsiyasiga o‘tishi mumkin bo‘ladi.
«Eng qiyin vazifa — g‘oyani barqaror biznesga aylantirish»
Mahsulot yaratish — yo‘lning faqat bir qismi. Eng muhimi esa odamlar undan muntazam foydalanishi, real qiymat olishi va shu bilan birga startap barqaror biznes modelini yaratishi.
Bu jarayonda turli funksiyalar va yondashuvlarni sinab ko‘rdik. Ba’zilari ishladi, ayrimlaridan esa voz kechishga to‘g‘ri keldi.
Biz uchun asosiy xulosalardan biri shuki, foydalanuvchiga yoqadigan funksiya har doim ham unga haqiqiy qiymat beradigan funksiya bo‘lavermaydi.
Shuning uchun hozir Femmy’dagi ko‘plab qarorlarni, avvalo, foydalanuvchilarning xatti-harakati va real natijalarga asoslanib qabul qilamiz.
«Biz Femmy’ni xalqaro ayollar salomatligi platformasiga aylantirmoqchimiz»
Femmy uchun keyingi bosqich shunchaki yangi funksiyalar qo‘shishdan iborat emas.
Kelgusi ikki-uch yil ichidagi asosiy vazifamiz — O‘zbekistonda yaratilgan mahsulotni ayollar salomatligi sohasidagi xalqaro servisga aylantirish.
Biz salomatlik ma’lumotlarini AI yordamida tahlil qilish, telemeditsina va ayollarga hayotining turli bosqichlarida foydali bo‘ladigan mahsulotlarni rivojlantirishni rejalashtiryapmiz.
Men Femmy ayolning salomatligi bilan bog‘liq savoli paydo bo‘lganda murojaat qiladigan platformaga aylanishini xohlayman: u yerda ayol tushunarli ma’lumot oladi, o‘z holatini yaxshiroq tushunadi va zarur bo‘lsa, ishonchli mutaxassis bilan bog‘lana oladi.
Bu oddiy health-ilovadan ancha kengroq ekotizimga o‘tishni anglatadi.
«Ayol sifatida foydalanuvchilarimizning ko‘plab muammolarini yaxshiroq tushunaman»
Ayollar salomatligi sohasida ayol-faunder bo‘lishning o‘ziga xos afzalligi bor.
Foydalanuvchilarning ko‘plab muammolarini ichkaridan tushunaman va bu mahsulotni yaratishda yordam beradi. Ayollar salomatligi haqida ochiq gapirish hali ham hamma uchun oson emas. Ammo aynan shuning uchun bu sohada ayollar tomonidan yaratilgan va ularning real tajribasini hisobga oladigan mahsulotlar ko‘proq bo‘lishi muhim.
Bunday holatda shaxsiy tajriba shunchaki biznes imkoniyati emas, balki muammoni chuqurroq tushunish uchun boshlang‘ich nuqtaga aylanadi.
«Boshlash uchun hamma narsani bilish shart emas»
O‘z startapini boshlamoqchi bo‘lgan qizlarga maslahatim — o‘zingizni to‘liq tayyor his qiladigan vaqtni kutmang.
O‘zingiz yaxshi tushunadigan yoki shaxsan duch kelgan muammodan boshlagan ma’qul.
Odamlar bilan suhbatlashing, bu muammo haqiqatan ham mavjudligini tekshiring, kichik yechim yarating va uni sinab ko‘ring. Startap yo‘lining boshida barcha savollarga javobingiz bo‘lmasligi tabiiy. Aksincha, aynan shu jarayon faunder sifatida shakllanishingizga va keyingi yo‘nalishni tushunishingizga yordam beradi.
Femmy tarixi ham buni yaxshi ko‘rsatadi: katta healthtech mahsuloti albatta katta platformadan boshlanishi shart emas. Ba’zan hammasi bitta oddiy savoldan boshlanadi — odamlar har kuni duch keladigan muammoni texnologiyalar yordamida qanday qilib yaxshiroq hal qilish mumkin?
Bugun esa bu savol ortida 100 000 dan ortiq foydalanuvchi va O‘zbekistondan turib xalqaro ayollar salomatligi platformasini yaratish maqsadi turibdi.