
ICT Week Uzbekistan 2026 doirasida Cyberport’ning sanoat hamkorliklari bo‘yicha rahbari Henry Li boshchiligidagi delegatsiya va Gonkongning beshta texnologik kompaniyasi vakillari Toshkentga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Digital Product Workshop hamda Unlock Uzbekistan – Uzbekistan Market & Ecosystem seminarlarida spiker sifatida qatnashdi.
Delegatsiya IT Park Uzbekistan bosh ofisi, Ilg‘or texnologiyalar markazi va Startup Garage faoliyati bilan tanishdi. IT Park Ventures bilan tashkil etilgan pitch-sessiyada Cyberport ekotizimiga mansub beshta startap o‘z yechimlarini taqdim etdi.
Delegatsiya tarkibida Sharp Peak Consulting Limited bosh direktori Raymond Chan Tsz Leung, Lango Innovation Limited bosh direktori Poon Ho Cheung, Alpha AI Technology Limited bosh direktori Ho Chung Yat, Maptec Limited’ning xorijiy biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Ma Peng Heng hamda Sinnet Cloud Co., Ltd direktori Guan Wei Qi ishtirok etdi.
Delegatsiya IT Park Uzbekistan’ning strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova bilan uchrashdi, shuningdek, IT Park Ventures va startap ekotizimining boshqa vakillari bilan muloqot qildi. Henry Li IT Park media jamoasiga intervyu berdi.
Uchrashuvlar davomida tomonlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoni Gonkong texnologik kompaniyalari hamda startaplari uchun istiqbolli bozorlar sifatida qayd etdi. Ular bozorga kirish, biznesni rivojlantirish va ekotizimlar o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Kelgusida IT Park Uzbekistan O‘zbekistonda faoliyat boshlash va mamlakat orqali Markaziy Osiyoning boshqa bozorlariga chiqishga qiziqqan Cyberport kompaniyalari hamda startaplarini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.