Startup Base
Tadbirlar
Yangiliklar
Yangiliklar
Startup Base

Asoschilarga muvaffaqiyatli startaplarni yaratish, validatsiya qilish va masshtablashda yordam beruvchi platforma.

+998 71 209 11 99info@startupbase.uz
Oʻzbekiston, Toshkent, Tepamasjid koʻchasi, 4-uy, 100164

Ekotizim

  • Startaplar
  • Investorlar
  • Mentorlar
  • Hamkorlar
  • Akseleratorlar
  • Inkubatorlar

Dasturlar

  • Raqamli startaplar dasturi
  • Mahalliy va xalqaro dasturlar
  • Muvaffaqiyatli startaplar reestri
  • Kraudsorsing platformasi

Tadbirlar

  • Tadbirlar

Yangiliklar

  • Yangiliklar

Yordam olish

  • Startup maslahatlari

Resurslar

  • Hamjamiyat

Hamjamiyat

  • MVPni sinab ko'rish

© 2026 StartupBase. Barcha huquqlar himoyalangan.

IT Park Ventures portfelidagi Verifix startapi va Qozog‘istonning EasyTap kompaniyasi Markaziy Osiyoda yagona mehnat infratuzilmasini yaratadi
2-oktabr, 2026Mahalliy yangiliklar

IT Park Ventures portfelidagi Verifix startapi va Qozog‘istonning EasyTap kompaniyasi Markaziy Osiyoda yagona mehnat infratuzilmasini yaratadi

Kompaniyalar O‘zbekiston va Qozog‘istonda qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Hamkorlik doirasida yagona tizimda 500 000 dan ortiq ijrochi, 85 000 nafar shtatdagi xodim va 700 dan ortiq mijoz kompaniya birlashtiriladi.

2026-yil 30-sentabr kuni Qozog‘istonning moslashuvchan bandlik platformasi EasyTap hamda IT Park Ventures portfeliga kiruvchi, xodimlarni boshqarish tizimlarini ishlab chiquvchi O‘zbekistonning Verifix kompaniyasi Qozog‘iston va O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Kompaniyalar o‘z texnologik yechimlarini yagona tizimga birlashtiradi. Bu biznesga shtatdagi xodimlarning ish smenalarini rejalashtirish va zarurat tug‘ilganda tekshiruvdan o‘tgan o‘zini o‘zi band qilgan ijrochilarni tezkor jalb qilish imkonini beradi.

Smenalarni rejalashtirishdan xodimlarni topishgacha

Riteyl, HoReCa, omborlar va ishlab chiqarish korxonalari har kuni ish jadvallaridagi o‘zgarishlarga duch keladi: xodim kasal bo‘lishi, ishdan ketishi yoki smenaga chiqmasligi, ish yuklamasi esa kutilmaganda oshishi mumkin. Ko‘plab kompaniyalarda bunday vaziyatlar hanuzgacha qo‘lda hal qilinadi va sezilarli resurs talab etadi.

Yangi tizim ikki platformaning imkoniyatlarini birlashtiradi. Verifix ish yuklamasini tahlil qilib, har bir lokatsiya va vaqt oralig‘i uchun zarur xodimlar sonini prognoz qiladi. Agar shtatdagi xodimlar yetarli bo‘lmasa, EasyTap bo‘sh smenalarni tekshiruvdan o‘tgan ijrochilar bilan tezkor to‘ldirish imkonini beradi.

EasyTap ma’lumotlariga ko‘ra, platforma shoshilinch buyurtmalarning 90 foizdan ortig‘ini, jumladan smena boshlanishidan uch soat oldin yaratilgan buyurtmalarni ham yopadi. Smenalarni rejalashtirish, ish vaqtini hisobga olish, to‘lovlar hamda shtatdagi va shtatdan tashqari xodimlar bo‘yicha tahlillar yagona interfeysda mavjud bo‘ladi.

Biznes uchun yangi imkoniyatlar

Verifix ma’lumotlariga ko‘ra, ish vaqtini aniq hisobga olish kompaniyalarga mehnatga haq to‘lash fondining qariyb 5 foizini, real ish yuklamasini hisobga olgan holda smenalarni rejalashtirish esa yana 10–15 foizini tejash imkonini beradi.

EasyTap bilan hamkorlik yana bir imkoniyatni taqdim etadi: yangi xodimlarni uzoq vaqt davomida izlash va ishga qabul qilish o‘rniga, ish jadvalidagi bo‘shliqlarni bir necha soat ichida to‘ldirish. EasyTap mijozlari qatorida Zammler, MagnumGo, Adidas va Korzinka bor.

Biznes uchun bu butun ishchi kuchini — ham shtatdagi, ham moslashuvchan bandlik asosida ishlovchi xodimlarni — yagona tizim orqali boshqarishga o‘tishni anglatadi.

Mehnat faoliyatining yagona raqamli tarixi

Xodimlar va ijrochilar har bir ishlangan smena bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan raqamli mehnat tarixiga, shaxsiy reytingga hamda tajriba va ko‘nikmalari oshgani sari daromadini ko‘paytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotganlar uchun tizim keyinchalik ishga joylashish imkoniyatini beruvchi haq to‘lanadigan stajirovkalar orqali boshlang‘ich nuqtaga aylanishi mumkin.

Ikki platformaning integratsiyasi moslashuvchan bandlikni yanada shaffof, qonuniy va hisobga olinadigan qilish imkonini beradi. O‘zbekistonda birlashtirilgan mahsulotni rivojlantirish bilan Verifix jamoasi, Qozog‘istonda esa EasyTap jamoasi shug‘ullanadi.

“Qozog‘iston va O‘zbekiston davlatlar darajasida ittifoqchilardir. Biz texnologik kompaniyalar darajasida ham xuddi shunday yo‘l tutmoqdamiz va bu yerda 1+1=3: ikkita mahsulot, ikkita bozor va Markaziy Osiyo uchun yagona mehnat infratuzilmasi. Millionlab insonlar uchun bu ularning mehnati — shtatdagi yoki moslashuvchan bandlik shaklida bo‘lishidan qat’i nazar — ko‘rinadigan, hisobga olinadigan va himoyalangan bo‘lishini anglatadi. Davlatlar uchun esa bu iqtisodiyot bilan birga rivojlanadigan shaffof va qonuniy mehnat bozoridir”, — dedi EasyTap asoschisi va CEO’si Magzum Tolesh.

“Mehnatga haq to‘lash fondi har qanday korxona xarajatlarining salmoqli qismini tashkil etadi va biz kompaniyalar ishchi kuchini yollash hamda boshqarishda qanchalik samarasiz yondashayotganini har kuni ko‘ramiz. Endi Verifix nafaqat qayerda xodimlar yetishmayotganini ko‘rsatadi, balki EasyTap bilan hamkorlik orqali ularni tezkor jalb qilishga ham yordam beradi. Bu Markaziy Osiyo biznesi o‘zining barcha ishchi kuchini — shtatdagi va moslashuvchan bandlik asosida ishlovchi xodimlarni — yagona tizimda boshqarishi yo‘lidagi birinchi qadamdir”, — ta’kidladi Verifix hammuassisi va CEO’si Mumin Salimov.

Yangi yechimning ilk qo‘shma mijozlarini 2026-yilning IV choragida jalb qilish rejalashtirilgan. Yaqin oylarda jamoalar birlashtirilgan platformani rivojlantirish bo‘yicha batafsil konsepsiyani taqdim etadi.

Verifix haqida

Verifix — ko‘p sonli liniya xodimlariga ega kompaniyalar uchun xodimlarni boshqarish platformasi. Yechim smenalarni rejalashtirish, ish vaqtini hisobga olish, xodimlarni yollash, kadrlar ma’muriyati, ish haqini hisoblash va xodimlarni rivojlantirish jarayonlarini yagona tizimda birlashtiradi. Platformadan beshta mamlakatdagi 480 dan ortiq tashkilot, 5 000 dan ziyod lokatsiya va 85 000 dan ortiq xodim foydalanadi.

2025-yil yozida IT Park Ventures Verifix’ga $150 000 investitsiya kiritib, loyihaning keyingi rivojlanishi va masshtablashtirilishini qo‘llab-quvvatladi.

EasyTap haqida

EasyTap — Qozog‘istonning platformaviy bandlik sohasidagi axborot tizimi. Servis kompaniyalarga soatbay smenalar uchun o‘zini o‘zi band qilgan ijrochilarni topishga yordam beradi hamda to‘lovlarni amalga oshirishda soliq agenti sifatida faoliyat yuritadi.

EasyTap Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda faoliyat yuritadi hamda 50 dan ortiq shaharni qamrab oladi. Platformada 500 000 dan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, riteyl, HoReCa, yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi mijoz kompaniyalar soni esa 250 dan oshadi.

Verifix va EasyTap hamkorligi IT Park Ventures portfelidagi loyihaning mintaqaviy miqyosda kengayishi hamda Markaziy Osiyodagi biznes va xodimlar uchun yagona raqamli mehnat infratuzilmasini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Sizga tavsiya qilamiz