
1–3-oktabr kunlari Ostonada AI & Digital Bridge 2026 xalqaro texnologik forumi bo‘lib o‘tdi. IT Park Uzbekistan forum doirasida plenar yalpi majlis, panel sessiyalar, startaplar ko‘rgazmasi, o‘z stendi va xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar orqali ishtirok etdi.
Forumning panel sessiyalarida IT Park Uzbekistan bosh direktori maslahatchilari Muzaffar Karabayev va Abdulahad Kuchkarov ishtirok etdi. Ular “Eurasia Growth Hub: The London Gateway” loyihasi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplarining Buyuk Britaniya va u orqali Yevropa bozorlariga birgalikda chiqish istiqbollari hamda O‘zbekistonda venchur investitsiyalari va fondlarini rivojlantirishda davlatning roli mavzulari bo‘yicha nutq qildi.
IT Park Uzbekistan bilan birga Growth, Sino AI, Pro-Data Tech va Mirasoft kompaniyalari ham forumda qatnashib, o‘z mahsulot va yechimlarini xalqaro auditoriyaga taqdim etdi. Startaplar potensial mijozlar, investorlar va hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatib, Qozog‘iston va boshqa bozorlarga chiqish imkoniyatlarini o‘rgandi.
Forum doirasida tashkil etilgan IT Park Uzbekistan stendida O‘zbekistonning IT-ekotizimi, mahalliy texnologik yechimlar va mamlakatning eksport salohiyati namoyish etildi.
Shuningdek, IT Park Uzbekistan vakillari Alchemist akseleratori, “Turkic Investment Fund” va investitsiya fondlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda o‘zbek startaplarini xalqaro akseleratsiya dasturlariga jalb qilish, investitsiya imkoniyatlari va xorijiy bozorlarga chiqish bo‘yicha hamkorlik muhokama qilindi.
Jumladan, “Turkic Investment Fund” bilan uchrashuv doirasida fondning O‘zbekistonda alohida Fund of funds (Fondlar fondini) ta’sis etish va mahalliy startaplarga investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.
AI & Digital Bridge 2026’dagi ishtirok o‘zbek startaplariga o‘z mahsulot va yechimlarini xalqaro auditoriyaga namoyish etish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.